Madaniyat

Islom sivilizatsiyasi markazi: dunyo hamjamiyati e’tirof etayotgan megaloyiha

Doniyor Sherzodovich
17-mart, 2026
5 min
Islom sivilizatsiyasi markazi: dunyo hamjamiyati e’tirof etayotgan megaloyiha

Islom sivilizatsiyasi markazi

Bir yil muqaddam, ya’ni 2025 yil 29 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, ikki mingdan ortiq mahalliy va xorijiy olimlar tomonidan ishlab chiqilgan ilmiy-innovatsion loyihalardan Markaz ekspozitsiyalarida foydalanish bo‘yicha qator tavsiya va topshiriqlar bergan edi.

Bu chinakam tarixiy tashrif bo‘ldi. O‘tgan bir yil davomida Markaz binosi to‘liq qurib bitkazildi. Markaz faoliyatini takomillashtirish va uning mazmunini boyitish ishlariga 40 dan ortiq mamlakatdan mutaxassislar va dizaynerlar jalb etildi. Ularning barchasi Prezident tashabbusi va g‘oyalari bilan yaratilgan megaloyiha atrofida birlashgan.

Davlatimiz rahbari 2025 yil sentabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkilotining yuksak minbaridan turib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurib bitkazilgani va tez orada ochilishini ma’lum qilgan edi. O‘tgan davr mobaynida ekspozitsiyalarning ichki mazmuni yanada boyitildi. Markaz jahon jamoatchiligi diqqat markazida bo‘lgan o‘ziga xos maskanga aylandi. Bugun butun dunyodan kelgan mehmonlar, davlat va xalqaro tashkilotlar rahbarlari Markaz faoliyati, uning sivilizatsiyalar, shaxslar va kashfiyotlarga bag‘ishlangan ilmiy loyihalari bilan tanishib, uning ahamiyatini ochiq e’tirof etmoqda.

Dunyo chuqur sivilizatsion o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Texnologik taraqqiyot axloqiy anglashdan ilgarilab ketmoqda, global inqirozlar esa – geosiyosiy to‘qnashuvlardan tortib madaniy o‘ziga xoslikni yo‘qotishgacha – insoniyatning muloqot qobiliyati masalasini tobora ko‘proq kun tartibiga qo‘ymoqda. Din ba’zan nizolar quroliga, madaniyat esa bo‘linish chizig‘iga aylanayotgan bir sharoitda sivilizatsiyalararo muloqotga uning bunyodkorlik mohiyatini qaytarishga qodir bo‘lgan yangi platformalarga ehtiyoj, ayniqsa ortmoqda.

Aynan mana shunday tarixiy pallada Yevroosiyoning qoq markazida – buyuk sivilizatsiyalar va imperiyalar vujudga kelgan, ming yillar davomida savdo yo‘llari, dinlar, ilmiy maktablar va madaniyatlar tutashgan zaminda O‘zbekistonda o‘ziga xos Islom sivilizatsiyasi markazi paydo bo‘ldi. Uning yaratilishi tasodif emas va bir lahzalik mulohazalar bilan belgilanmagan. Bu bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning strategik dunyoqarashining ifodasidir.

Prezidentimiz 2017 yildayoq BMT minbaridan turib, jahon hamjamiyatiga murojaat qilib, islom sivilizatsiyasining jahon tarixidagi asl o‘rnini tiklashga da’vat etgan, muqaddas islom dini negizida ma’rifat, ilm-fan va insonparvarlik qadriyatlari mujassam ekanini, ekstremizm va jaholatga qarshi ma’rifat va madaniyat bilan kurashish mumkinligini eslatgan edi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antonio Guterres yangi qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, ushbu yo‘nalishga yuqori xalqaro baho berib, quyidagilarni ta’kidladi:

“Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyev BMTning yuksak minbaridan muloqot, ma’rifat va o‘zaro hurmat g‘oyalarini izchil ilgari surib kelayotgan buyuk va nufuzli yetakchidir”.

Bu so‘zlar jahon hamjamiyatida allaqachon shakllangan tushunchani aks ettiradi: Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekiston zamonaviy tarixni shakllantirishning faol ishtirokchisiga aylandi.

O‘zbekiston Prezidentining BMT minbaridan so‘zlagan nutqi keng ko‘lamli me’moriy majmua va jahon ahamiyatiga molik mutlaqo yangi gumanitar model sifatida Markazning intellektual va ilmiy asosi bo‘ldi. Ushbu model doirasida islom ilmiy inqiloblar yuz bergan, universitetlar va akademiyalar, kutubxonalar va laboratoriyalar tashkil etilgan, tibbiyot, falsafa, san’at va ilmiy tafakkur asoslari shakllangan buyuk sivilizatsiyalar tarixi orqali ifodalanadi.

Prezidentimizning shaxsiy siyosiy irodasi, strategik qarashlari va izchil yetakchiligi tufayli Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish g‘oyasi ko‘lami, mazmuni va xalqaro ahamiyati jihatidan misli ko‘rilmagan darajada amalga oshirildi. Yangi avlod muzeyi, ilg‘or ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi, zamonaviy kutubxona, Markaziy Osiyo sivilizatsiyalari tarixiga oid milliy va xalqaro arxivlar, raqamli gumanitar texnologiyalar, global ilmiy-madaniy hamkorlikning keng tarmog‘ini birlashtirgan noyob sivilizatsiya majmuasi yaratildi.

Loyihaga Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham yuqori baho berdi:

“Bu ulkan va noyob inshoot. Bu ilmiy, turistik va etnomadaniy loyihadir. O‘zbekiston Prezidentining fikriga qo‘shilaman: Islom sivilizatsiyasi markazi ushbu muhim sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish uchun umumiy maydonga aylanishi mumkin”.

Jahon ekspertlarining fikricha, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oddiy infratuzilma obyekti yoki madaniy siyosat ramzi emas. Bu O‘zbekiston rahbarining zamonaviy global tahdidlarga qarshi ongli sivilizatsiyaviy javobidir. Islom olami tarixida ilk bor sivilizatsiyalarning haqiqiy muloqoti uchun bunday keng ko‘lamli doimiy platforma yaratildi.

O‘zbekiston islom va islom sivilizatsiyasining noto‘g‘ri talqinlariga qarshi deklaratsiyalar bilan emas, balki jahon darajasidagi haqiqiy intellektual makonni yaratish orqali kurashishdek tarixiy va ma’naviy vazifani o‘z zimmasiga oldi.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev:

“O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib, mamlakat rahbariyatining o‘zbek xalqining boy madaniy va ma’naviy qadriyatlarini asrab-avaylash va targ‘ib qilishga sodiqligiga yana bir bor ishonch hosil qildik. Islomofobiya kuchayib borayotgan bir sharoitda Markazning ochilishi alohida ahamiyat kasb etadi. U islomning bunyodkorlik, insonparvarlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va birodarlik dini ekanini yaqqol namoyon etadi”.

Mutaxassislar va siyosatchilar yakdillik bilan ushbu loyiha radikalizm va islomning buzilgan qiyofasiga qarshi gumanitar qalqon bo‘lganini ta’kidlamoqdalar.

Markaz faoliyati uchun madaniy merosni qaytarish alohida ahamiyatga ega. Prezident topshirig‘iga binoan maxsus davlat va diplomatik mexanizmlar yaratildi, bu esa dunyodagi eng yirik kim oshdi savdo uylari – “Sotheby’s”, “Christie’s”, “Bonhams” va boshqa yetakchi muzeylar va xususiy kolleksionerlar bilan tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini berdi. Natijada, ikki mingga yaqin noyob osori-atiqalar, jumladan, Ibn Sino qo‘lyozmalari, Beruniy asarlari, Temuriylar davri miniatyuralari, islom san’ati durdonalari yurtimizga qaytarildi.

Bu Markaziy Osiyoning sivilizatsiyaviy xotirasini tiklash va tarixiy adolatning haqiqiy timsoli bo‘ldi.

Paragvay Prezidenti Santyago Penya ekspozitsiyalar bilan tanishar ekan, quyidagilarni ta’kidladi:

“Islom sivilizatsiyasi markazi bilan tanishuv menda katta taassurot qoldirdi. Insoniyatning ko‘plab ilmiy va madaniy yutuqlari aynan shu yerda paydo bo‘lgan. Afsuski, algebra va tibbiyotga oid fundamental asarlar aynan shu zaminda paydo bo‘lganini dunyodagi hamma ham bilavermaydi. Bu tashrif meni ruhlantirdi va O‘zbekistonning ulkan salohiyatiga bo‘lgan ishonchimni mustahkamladi”.

Ekspertlarning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Prezidenti o‘tmishni qanday tiklasa, kelajakni ham shunday izchillik bilan shakllantiradi. Shu bois, Markaz dastlab jadal rivojlanayotgan tizim – xalqaro ilmiy platforma, media makon, noshirlik va ta’lim markazi sifatida tashkil etilgan edi.

Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubb tashrifdan so‘ng shunday dedi:

“Men ilgari hech qayerda bo‘lmagan taassurotni boshdan kechirdim. Uch ming yillik tarix zamonaviy va ishonarli tarzda taqdim etilgan. Bu yerda tarixni his qilasan – befarq bo‘lishning iloji yo‘q”.

Bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazi zamonaviy dunyoning intellektual markaziga aylanmoqda, o‘z davrida Bag‘doddagi Bayt al-Hikma, Xorazmdagi Ma’mun akademiyasi, Samarqanddagi Ulug‘bek madrasalari ilm-fan taraqqiyotini belgilab bergan.

Markaz XXI asrning yangi tipdagi sivilizatsiya institutidir. Bu yerda tarixiy bilim raqamli texnologiyalar bilan bog‘lanadi, qo‘lyozmalar global raqamli manbalarga aylanadi, muzey ilmiy laboratoriya xususiyatlariga ega bo‘ladi, milliy meros xalqaro muloqot va o‘zaro tushunish asosiga aylanadi.

So‘zimning yakunida Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchichning quyidagi so‘zlarini keltirish o‘rinlidir:

“Men bunday markazni hech qayerda ko‘rmaganman. U zamonaviy va juda ifodali me’moriy uslubda qurilgan. Bu yerda ko‘p narsani o‘rgandim va albatta qaytaman. Men yurtdoshlarimga shunday degan bo‘lardim: aziz do‘stlar, men bu yerga oldinroq kelmaganim uchun katta xato qildim. Iltimos, imkon qadar tezroq O‘zbekistonga keling”.


Firdavs Abduxoliqov,

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi

markazi direktori

Islom sivilizatsiyasi markazi: dunyo hamjamiyati e’tirof etayotgan megaloyiha | O'zbekiston Elchixonasi BAA | Embassy of Uzbekistan in UAE