Jamiyat

Konsullik ro‘yxati — haq-huquqlaringiz kafolati

“Dunyo” AA
29-yanvar, 2026
3 min
Konsullik ro‘yxati — haq-huquqlaringiz kafolati

Konsullik ro‘yxati

Bugungi globallashgan dunyoda millionlab insonlar ta’lim, mehnat, biznes yoki sayohat sababli o‘z mamlakatidan tashqarida yashamoqda. Shu sharoitda fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularni chet elda qo‘llab-quvvatlash masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanmoqda.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 15-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida ham konsullik xizmatlarini faollashtirish, diplomatik vakolatxonalarni modernizatsiya qilish va fuqarolarga tezkor hamda sifatli xizmat ko‘rsatish muhim vazifa sifatida belgilandi. Bu esa konsullik ro‘yxati (konsullik hisobida turish) masalasining dolzarbligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Savol: konsullik xizmati nima?

Konsullik xizmati — bu davlatning chet elda yashayotgan yoki vaqtinchalik bo‘lib turgan fuqarolariga ko‘rsatiladigan rasmiy yordam tizimidir. U odatda elchixonalar va konsullik muassasalari orqali amalga oshiriladi va quyidagi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi:

  1. pasport va hujjatlarni rasmiylashtirish;
  2. fuqarolik holati dalolatnomalarini (tug‘ilish, nikoh, o‘lim) qayd etish;
  3. notarial xizmatlar va hujjatlarni qonuniylashtirish;
  4. huquqiy maslahatlar;
  5. favqulodda vaziyatlarda yordam ko‘rsatish.

Oddiy qilib aytganda, konsullik xizmati — bu chet eldagi fuqaroning o‘z davlati bilan bog‘lovchi ishonchli “ko‘prik”dir.

Konsullik ro‘yxati nima?

Konsullik ro‘yxati — bu chet elda bo‘lib turgan fuqarolarning elchixona yoki konsullikda rasmiy hisobga olinishidir. Ro‘yxatdan o‘tish orqali konsullik siz haqingizda asosiy ma’lumotlarga ega bo‘ladi va zarurat tug‘ilganda siz bilan tezkor aloqa o‘rnatishi mumkin.

Konsullik ro‘yxati ikki turga bo‘linadi:

  1. Doimiy konsullik ro‘yxati — chet elda uzoq muddat yoki doimiy yashovchi fuqarolar uchun;
  2. Vaqtinchalik konsullik ro‘yxati — o‘qish, ishlash, davolanish yoki oilaviy sabablar bilan qisqa muddatga chet elga chiqqan fuqarolar uchun.

Bularni hayotiy misollar orqali tushuntirsak.

Masalan, tasavvur qiling, siz xorijda ishlab yurib pasportingizni yo‘qotib qo‘ydingiz. Agar siz konsullik ro‘yxatida turgan bo‘lsangiz, konsullik xodimlari siz haqingizdagi ma’lumotlar asosida tezda vaqtinchalik qaytish hujjatini rasmiylashtirib beradi. Ro‘yxatda bo‘lmasangiz, bu jarayon ancha vaqt va qo‘shimcha tekshiruvlarni talab qiladi.

Yoki siz tabiiy ofat yoki favqulodda holatga tushdingiz.

Ayrim mamlakatlarda zilzila, siyosiy beqarorlik yoki xavfsizlik bilan bog‘liq holatlar yuzaga kelishi mumkin. Konsullik ro‘yxatida turgan fuqarolar bilan elchixona tezda bog‘lanib, xavfsiz joyga chiqarish (evakuatsiya), tibbiy yordam yoki zarur axborotni yetkazishi mumkin.

Eng ko‘p uchraydigan masalalardan biri bu — chet elda tug‘ilgan bolalarning fuqaroligi. Agar siz chet elda yashab, u yerda farzandli bo‘lsangiz, bolaning tug‘ilishini konsullik orqali ro‘yxatdan o‘tkazish mumkin. Bu bolaning fuqaroligini rasmiylashtirish va kelajakda hujjatlar bilan bog‘liq muammolarning oldini oladi.

Hibsga olish yoki huquqiy muammo.

Fuqaro chet elda huquqiy muammoga duch kelganda, konsullik uning huquqlari buzilmasligini nazorat qiladi, mahalliy qonunchilik doirasida yuridik maslahat beradi va zarur holatlarda advokatlar bilan bog‘lanishga yordamlashadi.

Konsullik ro‘yxatiga qanday ro‘yxatdan o‘tiladi?

  1. Siz yashayotgan davlatdagi O‘zbekiston elchixonasi yoki konsulligiga shaxsan murojaat qilish orqali;
  2. Ayrim davlatlarda onlayn konsullik xizmatlari orqali masofadan turib;
  3. Ro‘yxatdan o‘tishda pasport ma’lumotlari, manzil va aloqa ma’lumotlari taqdim etiladi;
  4. Yashash joyi o‘zgarganda yoki Vatanga qaytilganda konsullikka bu haqda xabar berish tavsiya etiladi.

Konsullik ro‘yxatida turish fuqarolarga qanday foyda beradi?

  1. davlat tomonidan rasmiy tan olinishi va doimiy aloqa;
  2. favqulodda vaziyatlarda tezkor yordam;
  3. hujjatlarni tez va oson rasmiylashtirish;
  4. muhim qonunchilik va xavfsizlikka oid axborotlarni olish;
  5. mahalliy organlar bilan munosabatlarda konsullik yordami.

Doim yodingizda tuting — O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari fuqarolari uchun mamlakatning bir bo‘lagi va u yerda doimiy himoyadasiz.

Konsullik ro‘yxati — bu shunchaki rasmiy protsedura emas. Bu — chet elda bo‘lib turgan har bir fuqaro uchun xavfsizlik, huquqiy himoya va davlat qo‘llab-quvvatlashining aniq mexanizmi. Qaerda bo‘lishingizdan qat’i nazar, konsullik hisobida turish sizga ishonch, hotirjamlik va davlat e’tiborini his etish imkonini beradi.

Konsullik ro‘yxati — haq-huquqlaringiz kafolati | O'zbekiston Elchixonasi BAA | Embassy of Uzbekistan in UAE